Milliy tilni yoʻqotmak – millatning ruhini yoʻqotmakdur. Hayhot! Biz turkistonliklar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yoʻqotmaqdadurmiz.
Tilshunoslik asoslari
Milliy til, uning maqomi va bo‘limlari haqida qo‘llanma
Milliy til va uning mohiyati
Milliy til nima?
Millatning madaniy, ma’naviy va ijtimoiy hayotining barcha sohalarida qo‘llanadigan, uning tarixiy taraqqiyoti davomida shakllangan umumxalq tilidir. U adabiy til me’yorlarini va barcha shevalar yig‘indisini o‘z ichiga olgan murakkab tizim bo‘lib, millatning birligi va o‘zligini ifodalovchi eng muhim belgidir.
Davlat tili maqomi
Tilning Konstitutsiya yoki maxsus qonunlar bilan davlat miqyosida rasmiy aloqa vositasi sifatida belgilanishidir. Bu maqom tilning davlat boshqaruvi, qonunchilik, sud-huquq tizimi, ta’lim va OAVda ustuvor qo‘llanilishini hamda davlat tomonidan himoya qilinib, rivojlantirilishini kafolatlaydi.
Adabiy til va shevalar
Shevalar — milliy tilning muayyan hududga xos ko‘rinishlari. Adabiy til esa shevalardagi umumiy va eng sara unsurlar asosida shakllantirilgan, qat’iy me’yorlarga solingan, millat uchun umumiy bo‘lgan yozma va og‘zaki madaniy nutq shaklidir.
Til — shunchaki aloqa vositasi emas, balki tafakkur ko‘zgusidir. Insonning fikrlash tarzi, dunyoqarashi va ma’naviyati uning nutqida aks etadi. So‘zni qadrlash va nutq madaniyatiga rioya qilish — o‘zlikni anglash va millat kelajagiga daxldorlik hissidir.
Tilshunoslik bo‘limlari
-
Fonetika
Nutq tovushlari, ularning hosil bo‘lishi, akustik tabiati, nutqdagi o‘zgarishlari, shuningdek, urg‘u, ohang va bo‘g‘in kabi hodisalarni o‘rganadi.
-
Orfografiya (imlo qoidalari)
So‘zlarni va ularning ma’noli qismlarini yozuvda bir xilda, to‘g‘ri aks ettirishni ta’minlovchi qoidalar tizimini belgilaydi.
-
Orfoepiya
Adabiy tilning og‘zaki nutq me’yorlarini o‘rganadi va so‘zlarning adabiy, yagona talaffuz qoidalarini ishlab chiqadi.
-
Grafika
Til tovushlarini yozuvda aks ettiruvchi belgilar (harflar) tizimini va ularning tovushlarga bo‘lgan munosabatini tadqiq etadi.
-
Leksikologiya
Tilning lug‘at tarkibini, so‘zlarning ma’no xususiyatlarini, kelib chiqishini va qo‘llanish doirasini o‘rganadigan sohadir.
-
Leksikografiya
Lug‘at tuzish nazariyasi va amaliyoti bilan shug‘ullanadi, lug‘atlarning turlari va tuzilish tamoyillarini ishlab chiqadi.
-
Frazeologiya
Tilda mavjud bo‘lgan, tarkibi barqaror va ko‘chma ma’no ifodalaydigan so‘z birikmalarini (iboralarni) o‘rganadi.
-
Morfemika
So‘zning eng kichik ma’noli qismlari – morfemalar (o‘zak va qo‘shimchalar) tizimini va so‘zning morfem tarkibini tahlil qiladi.
-
So‘z yasalishi
Mavjud til birliklari asosida yangi so‘zlar hosil qilish usullari, qonuniyatlari va vositalarini o‘rganadi.
-
Morfologiya
So‘z turkumlarini, ularga xos grammatik ma’nolarni va bu ma’nolarni ifodalovchi shakl yasovchi vositalar tizimini tadqiq etadi.
-
Sintaksis
So‘z birikmasi va gap, ularning qurilishi, turlari, gap bo‘laklari va ular orasidagi grammatik aloqalarni o‘rganadi.
-
Punktuatsiya
Yozma nutqni mazmuniy qismlarga ajratish va uning grammatik tuzilishini to‘g‘ri aks ettirish uchun xizmat qiladigan tinish belgilari tizimi va ularning qo‘llanish qoidalarini o‘rgatadi.
-
Uslubiyat
Turli nutqiy vaziyatlarda til vositalaridan maqsadga muvofiq, ta’sirchan va o‘rinli foydalanish qonuniyatlarini o‘rganadi.
-
Dialektologiya
Milliy tilning hududiy ko‘rinishlari bo‘lgan sheva va lahjalarni, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganadi.
-
Etimologiya
So‘z va morfemalarning tarixiy kelib chiqishini, ularning eng qadimgi ma’nosi va shaklini aniqlash bilan shug‘ullanadi.
-
Til tarixi
Tilning fonetik tizimi, lug‘at tarkibi va grammatik qurilishining tarixiy taraqqiyotini yozma yodgorliklar asosida tadqiq qiladi.
-
Sotsiolingvistika
Tilning jamiyat hayoti bilan bog‘liqligini, uning turli ijtimoiy omillar ta’sirida o‘zgarishi va vazifalarini o‘rganadi.
